To qachon davroida bizni xoksor etgay firoq...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
To qachon davroida bizni xoksor etgay firoq...
by Xumuliy

To qachon davroida bizni xoksor etgay firoq,
Zarradek muztar, quyundek beqaror etgay firoq…

Necha hijron dashtida qon ko‘zlarimdin oquzub,
Dog‘i hasratdin tanimni lolazor etgay firoq.

Vasl bog‘i chun xazoni hajrdin emin emas,
Oqil ul devonadurkim ixtiyor etgay firoq.

Or etib mandin qoching, ahbob andin burnokim,
Sizni ham men zordek benangu or etgay firoq.

Mudhish ahvolimni ko‘rsa devdek g‘am dashtida,
G‘uldin odam kabi mandin firor etgay firoq.

Necha ul sarvi sihi shoyad guzor etgaymu deb,
Yuz soriga ko‘zlarimdin jo‘ybor etgay firoq.

Mujdai vasli uchun jon berdimu yod etmadi,
Shoyad o‘lgandin keyin ummidvor etgay firoq.

Ey Xumuliy, choy uchun tokay samovor uyidek,
Ut solib jonimg‘a ohimdin sharor etgay firoq.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse