Ta’rifi viloyati Qurama va az davoni Kandir guzashtan

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ta’rifi viloyati Qurama va az davoni Kandir guzashtan
by Maxmur

(Qurama viloyati va kandir dovonidan o‘tishning ta’rifi)

Ey ko‘ngil, aylama minba’d havoyi Qurama,
Bo‘lmagil boz giriftori jafoyi Qurama,
Mahv qil fikr zamiridagi royi Qurama,
Ganji bodovar agar bo‘lsa sadoyi Qurama,
Borma zinhor so‘yi Hotami toyi Qurama.

Sharh aylay sifati hodisai dahri digar,
Qissai bul’ajabu hodisai shahri digar,
Dashtu sahroyi digar, bahri digar, nahri digar,
Obu oshi hama zaqqumu suvi zahri digar,
Arzu afloki digar, davri binoyi Qurama.

Samado, saxla digar bora Kirovchi yo‘lidin,
Solma yodimga ani dashti qiyomat cho‘lidin,
Talxkom aylama lutfing bila achchiq qo‘lidin,
Shikvagar to bo‘mayin qumi Qaraqchi cho‘lidin,
Bir yurib yo‘lida ming so‘kma saroyi Qurama.

Turfa shahriki aning sarsari monandi samum,
Kuydirur shiddati sarmosi xaloyiqni chu mum,
Har taraf anda olib xayli balo, favji hujum,
Suvi zahrobai g‘am, chashmalari ayni zaqum,
Hosilu mahsuli ofoti baqoyi Qurama.

Yozu qish uru yalang‘och naru modasidur,
Modazodi galai xirs sog‘in podasidur,
Olti xurjinni olib bo‘yniga ozodasidur,
Sar-sari od dami subhni shabbodasidur,
Dema to‘fonki nasimi zurafoyi Qurama.

Menki yurdim Qurama ichra bosib qoru qirov,
Ko‘rmadim anda bashar sinfini g‘ayr az xaru gov,
Boyini chinniyi jononasidur eski likov,
Jomi jamshedisidur biylarini kuhna sulov,
Qopi ming yilgisi mirzoyi qaboyi Qurama.

Mavziekim bo‘sa mohiyati ismi Qurama,
Qurusun oti oning, ismini mendin so‘rama,
Bir ko‘rub bori digar, yoniga hargiz yo‘lama,
Yo‘lasang tashna bo‘lub yo‘lida andin sulama,
To‘la qatroni jahannam hama soyi Qurama.

Oqibat charx nalar solmadi boshimga meni,
Qildi sarson samo zarrada boshimga meni,
Osmon ustida tosh aylana boshimga meni,
Soldi tuz o‘rniga qum, ko‘k uza oshimga meni,
Bu sazo birla jazo azmi havoyi Qurama.

Deya ko‘rma Qurama, xo‘b ani, hokimi xo‘b,
Xo‘blar topmasa Kandir ani yo‘lida cho‘kub,
Bersa Eshonquli yuz yilqini oldiga surub,
Arzimas, toati har ranjiga, hurram bo‘ma ko‘p,
Filmasal bersa agar dema havoyi Qurama.

Toqi ayvonki ani qullai kandir derlar,
Osmon ostida ko‘talcha sifat qir derlar,
Ustini xalq qarab, ostida pir-pir derlar,
Toqlar jumla bu Kandir olida yer derlar,
Manzari margi muallaq ba samoyi Qurama.

Toqi shohiniyi kandir dema Miri g‘azabi,
Bo‘ldi bu hujjat ilan ofati dunyo sababi,
Bo‘lmasun nega muni margi xaloyiq talabi,
Hasabi miri g‘azab, miri ajaldur nasabi,
Modari favji balo hodisa zoyi Qurama.

Kimki Kandirdin oshib yer yuziga boz kelar,
Bahudo shahri fanodin ba baqo soz kelar,
Toki hifzi samadi oldida mumtoz kelar,
Yo magar lashkari qudsiy anga hamroz kelar,
Chunki mi’roji qazodur bu quroyi Qurama.

Charxi yettinchiki Kandirni furumoyasidur,
Sa’di akbar falaki minbari shash poyasidur,
Osmoni qamari soyasining soyasidur,
Odam o‘ldurmoq ani robitai doyasidur,
Qilma umringni habo bahri g‘inoyi Qurama.

Jazm qilsang, anga chiqmoqni jahondin kecha ko‘r,
O‘lturub ustida avval kafaningni bicha ko‘r,
Yo‘lda qancha suv agar bo‘lsa ani sen icha ko‘r,
……………………………………………
Bormau, ko‘rma duyum bora qaroyi Qurama.

Subh Kandirda nasimiki, o‘tar ul sahari,
Ul nasimi sahariy, dema samumi saqariy,
Sovug‘i zahri saqar, issig‘i do‘zax sharari,
Turfa tog‘eki, base odama shoyon zarari,
Qullai qiyri qadar bahri fazoyi Qurama.

Chillau qishda kim ul kim qisa Kandirda yurush,
Aylagay ul kishi beshak juli astarni bado‘sh,
Olg‘ay andin asari shiddati sarmo dilu tush,
Ul zamon do‘zax agar bo‘lsa qilur dar og‘ush.
Misli mahbubi pari tal’ati mohi Qurama.

Farqi Kandirda gahikim men edim bo dili chok,
Topmayin tushgani bu holi taboh hiyla — halok,
Keldi oldimg‘aki, ul faxri hama xilqati xok,
Abdu Qodir nasabi asl aban anjadi pok,
To Kirovchi bo‘lib ul roh namoyi Qurama.

Toki bordim bu ravish holki maqsadga qarin,
Yuz nadomat bila yuz favji g‘aromat ba kamin,
Tani Majnuni alam, qomati monandi nigin,
Tushubon vasli jalolatga yiroq g‘amga yaqin,
Shukr ko‘rdim basihat hukmi ravoyi Qurama.

Lillahilhamdki Maxmur saropo yurdum,
Boshi Avluq, oyog‘i shahr hayoni ko‘rdum,
Necha kun hokimini oldida yakto yurdum,
Boricha davlati ayyomni boham so‘rdum,
Shuncha bas, qilma duyum bora havoyi Qurama.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse