Sharobi noz to bazm ichra ruxsoringni ol etmish...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Sharobi noz to bazm ichra ruxsoringni ol etmish...
by Amiriy

Sharobi noz to bazm ichra ruxsoringni ol etmish,
Xijolat bargi gulni poymoli infiol etmish.

Ko’tarmas boshini sarvi sihi bori xijolatdin,
Xiromi noz to gulshanda ul zebo nihol etmish.

Bo’lub Majnun, kiyiklar suhbatini ixtiyor etmon,
Meni devonani to vola bir vahshi g’azol etmish.

Hazin ko’nglum qushi parvoz etar ko’yung havosida,
Uqungdin par chiqorib, har taraf jismina bol etmish.

Netay gar jomi Jam birla Skandar ko’zgusi bo’lsa,
Bukun dayr ichra soqiy qismatim singan safol etmish.

Falak har oy boshinda bir hilolin oshkor aylar,
Magar ko’nglum kibi yuz uzra qoshingni xayol etmish.

Dema holim ko’rub: «Ne vajhdin betob erur ko’nglung?»
Muhabbat dardi oning notavonu bemajol etmish.

Tamannoyi sari zulfing tushub boshimg’a hayronman,
Junun ko’yida bu savdo meni oshuftahol etmish.

Hazar aylangiz, ey ushshoq, ul berahm qotildin,
Bukun qish bo’rkini egri qo’yub zebi jamol etmish.

Meni jonim olurg’a, ey ajal, ko’p chekmagin zahmat
Ki, bir so’z birla la’li manga o’lmoki mahol etmish…

Amir olamg’a bersa ishq irshodin tong ermaskim,
Muhabbat pirig’a xizmat qilib, kasbi kamol etmish.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse