Ohu vovayloki, dilbar jonuma rahm aylamas...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ohu vovayloki, dilbar jonuma rahm aylamas...
by Gadoiy

Ohu vovayloki, dilbar jonuma rahm aylamas,
Va’da birla shod etar ko’nglum yana rahm aylamas.

Desam, ey jon, ne balo berahm erur fatton ko’zung,
Ayb emas, ayni balodur, der, balo rahm aylamas.

Hajr tuni gar xalos etsa meni g’amdin ajal,
Men rizomen jon ila, ammo qazo rahm aylamas.

Tortadur miskin ko’ngul «hubbul-vatan» sori, va lek
Naylasun, netsunkim, ul zulfi duto rahm aylamas.

Gar falakka yetsa ohim bo’lmag’ay chandon yiroq,
Chun meni ul ko’zi cho’lpon mahliqo rahm aylamas.

Oy yuzungdin xisravi xovar xijolatlar topar,
O’z qulig’a, ko’rkim, ul turki xito rahm aylamas.

Chun Gado haddini bilmay sevdi o’z sultonini,
Ya’lamulloh, joyi uldurkim, anga rahm aylamas.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse