O‘lan

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
O‘lan
by Nodir-Uzlat

Ey — alifdek qomating sarvi chaman yor-yor,
Xol labing kunjida mushki Xo‘tan, yor-yor,
Ko‘nglum aro kirpiging bo‘ldi tikan yor-yor,
Hajring aro tortaman dardu mihan yor-yor,
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, hurmat aro, yor-yor,
Muncha meni qo‘ymagil furqat aro, yor-yor.

Be — buti Shirinliqo jonga balo, yor-yor,
Emdi mening holima qilma jafo, yor-yor,
Aylag‘uman tobakay ohu navo, yor-yor,
G‘am o‘tig‘a solmog‘ing bormu ravo, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, sarvi ravon, yor-yor,
Ko‘nglum etib qumridek ohu fig‘on, yor-yor.

Te — tanim etti xarob dard ila g‘am, yor-yor,
Jonni halok ayladi javru sitam, yor-yor,
Ishq o‘tidin har zamon tortam alam, yor-yor,
Vasl tamoshosidin ayla karam, yor-yor,
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, fayzi nazar, yor-yor,
Og‘zing aro tishlaring mavji guhar, yor-yor.

Se — samari naxlijon-mehruvafo, yor-yor,
Dardim uza shafqating erdi davo, yor-yor,
Kasrati ishqing mani etti gado, yor-yor,
La’l labing sharbati jonga shifo, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, mohvashim, yor-yor,
Bayti hazan kunjida dardkashim, yor-yor.

Jim —jigarim qon edi shomu sahar, yor-yor,
Ko‘nglumi ahvolidin ayla xabar, yor-yor,
Ohim etib charxni zeru zabar, yor-yor,
Bo‘ldi maning holatim tarzi digar, yor-yor,
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, hurliqo yor-yor,
Qo‘zgu kabi orazing erdi safo, yor-yor.

He — harami jism aro urdi nihon, yor-yor,
Kirpik o‘qin otgali qoshi kamon, yor-yor,
Jon qushi bo‘lg‘an emas hech amon, yor-yor,
Lutfung erur jismima ruhi ravon, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, shamsu qamar, yor-yor,
Sanga qachon o‘xshagay xayli bashar, yor-yor.

Xe — xabaring yo‘q ko‘ngul hasratidin, yor-yor,
Soldi falak boshima mehnatidin, yor-yor,
Totib edim dardu g‘am sharbatidan, yor-yor,
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, qaro ko‘zluk, yor-yor,
To‘ti kabi bazm aro shakar so‘zluk, yor-yor.

Dol — damim o‘tidin kuydi jahon, yor-yor,
Ishratu ayshim guli bo‘ldi xazon, yor-yor,
Aylasa bo‘lmas g‘amim sharhu bayon, yor-yor,
Ayla takallum manga, pista dahon yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, xulqi xushum, yor-yor.
Bir yo‘li ko‘rub yuzing, ketti hushum, yor-yor.

Zol — ziyod ayladi volalarin, yor-yor,
Ochti ko‘ngul dog‘din lolalarin, yor-yor,
Sochti ko‘zum ashkdin jolalarin, yor-yor,
Yoydi, jahonga tilim nolalarin, yor-yor,
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, sabz qabo, yor-yor,
Aylamag‘il jonima muncha jafo, yor-yor.

Re — ramazon oyidek topti sharaf, yor-yor,
Lek quyosh bo‘lmadi anga taraf, yor-yor,
G‘amza o‘qiga ko‘ngul bo‘ldi hadaf, yor-yor,
Ishqi o‘ti ayladi jonni talaf, yor-yor,
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, boda ichar, yor-yor,
Qomatig‘a hurlar hulla bichar, yor-yor.

Ze — zabaru zer erur charxu falak, yor-yor,
Husningga oshiq erur huru malak, yor-yor,
Hukmunga farmonpazir murg‘u samak, yor-yor,
Sanga fido aylaram harna kerak, yor yor,
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, koni hayo, yor-yor,
Emdi hamul va’dag‘a ayla vafo, yor-yor.

Sin — safari sa’dga yaxshi nafas, yor-yor,
Noqa xirom etmog‘i savti jaras, yor-yor,
Bo‘lmadi ko‘ngul qushi bandi qafas, yor-yor,
Xurram o‘lub charx uza yetti havas, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, naqshi nigin, yor-yor,
Hasrat aro qon bo‘lub nofai Chin, yor-yor.

Shin — shakarin lablari Xizr suyi, yor-yor
Balki aning rutbasi bo‘ldi quyi, yor-yor,
Bo‘ldi xijil xattidin mushk bo‘yi, yor-yor,
Endi o‘tum dudidin charx uyi, yor-yor,
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan xanda dahan, yor-yor,
Ikki labi lutfdin bargi suman, yor-yor.

Sod — sabohat yuzi erdi quyosh, yor-yor,
Ohim o‘ti uchquni ko‘kka tutosh, yor-yor,
Jonni halok ayladi ul qora qosh, yor-yor,
Ko‘nglum iki ko‘zig‘a bo‘ldi talosh, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, Layli nasab, yor-yor.
Kelki, jununluq manga bo‘ldi sabab, yor-yor.

Zod — ziyo ayladi yuzlaridin, yor-yor,
Tomdi shakar sharbati so‘zlaridin, yor-yor,
Tortti xijolat kiyik ko‘zlaridin, yor-yor,
Chiqti saodat kuni o‘zlaridin, yor-yor.
Hay—hay o‘lan, jon o‘lan, turfa chaman, yor-yor,
Og‘zi aro tishlari durri Adan, yor-yor.

Te — talab yo‘lida xor ko‘ngul, yor-yor,
Vaslg‘a yetmak uchun zor ko‘ngul, yor-yor,
Qilmadi ko‘z yoshidin or ko‘ngul, yor-yor,
Qo‘ymady faryodidin tor ko‘ngul, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, xirmani gul, yor-yor,
Zulfini qullobidin bo‘ynima g‘ul yor-yor.

Ze — zafar topti jon rohi bilan, yor-yor,
Kosh ichar bodaii shohi bilan, yor-yor,
Bo‘lsa edi holadek mohi bilan, yor-yor,
Rangi qolur tobakay kohi bilan, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, ruhfizo, yor-yor,
Hasratida barcha el bo‘ldi gado, yor-yor.

Ayn — aziz aylagan tangri azal, yor-yor,
La’li takallum aro qandu asal, yor-yor,
Husnunga topilmag‘ay hech xalal, yor-yor,
Yusufi soniy sanga bo‘ldi masal, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, shohi jahon yor-yor,
Furqatida ko‘nglumi ayladi qon yor-yor.

G‘ayn — g‘aming o‘rtadi jism ila jon, yor-yor,
Hajring aro holatim bo‘ldi yamon, yor-yor,
Ishq ko‘zum ashkini etti ravon, yor-yor,
Shomu sahar aylaram ohu fig‘on, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, shirin-shakar, yor-yor,
Bo‘ldi o‘timdin jahon zeru zabar, yor-yor.

Fe — falaki zulmgar ishi jafo, yor-yor,
Hech kishiga etmadi mehru vafo, yor-yor,
Bir-biridan barchani qildi judo, yor-yor,
Qetti bu ohim o‘ti so‘yi samo, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, sohibqiron, yor-yor,
Bag‘rimi qon aylagan oshubi jon, yor-yor.

Qof — qamar yuzlugim jilva qilib, yor-yor,
Ketti yolg‘uzini o‘tg‘a solib yor-yor,
Munda meni tashlabon, ko‘nglum olib, yor-yor,
Dardu g‘ami o‘rtadi, shavqi qolib, yor-yor.
Hay-hay o‘lan jon o‘lan, oh netay, yor-yor,
Ishq o‘ti dardidin qayda ketay, yor-yor.

Kof — kaloming seni koni karam, yor-yor,
Husnu malohatlaring bog‘i Eram, yor-yor,
Nolada ko‘nglum qushi murg‘i haram, yor-yor,
Ishqda kuymaklig‘im yozdi qalam, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, kuydi ko‘ngul, yor-yor.
La’l labing xolini suydi ko‘ngul, yor-yor.

Lom — labing sharbati kavsar emish, yor-yor,
Og‘zing aro tishlaring gavhar emish, yor-yor,
Xol yuzing bog‘ida anbar emish, yor-yor,
Anda savodi xating daftar emish, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, lola qabo, yor-yor,
Shavqing ila tortaman savtu navo, yor-yor.

Mim — muhabbatdin ul chashmai g‘am, yor-yor,
Mavj aro seldek bahri alam, yor-yor,
Yig‘lar ila diydada qolmadi nam, yor-yor,
Bordi ko‘ngul dard ila mulki adam, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, xush tarabing, yor-yor,
Ayladi qon bag‘rimi g‘uncha labing, yor-yor.

Nun — na bilur dardimi olam eli, yor-yor,
Hech sahar esmadi vasl yeli, yor-yor,
Ohu navo naxlini sindi beli, yor-yor,
Jon qo‘shini nolada lol tili, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, husni quyosh yor-yor,
Ohim o‘ti charxga bo‘ldi tutosh, yor-yor.

Vov — vafo ahli yo‘q ikki jahon, yor-yor,
Oncha talab ayladim yaxshi-yamon, yor-yor,
Barcha parizodlar ofati jon, yor-yor,
Hech kishi bu darddin topmas amon, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, Zuhra jabin, yor-yor,
Bo‘ldi ko‘ngul qushlari nola hazin, yor-yor.

He — hama ishq o‘tidin bo‘ldi fano, yor-yor,
Garchi jahon shohidur etti gado, yor-yor,
Bulbul etib gul uchun savtu navo, yor-yor,
Boshig‘a ushshoqni tushti balo, yor-yor,
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, shahdu shakar, yor-yor,
Ishq o‘tidin jonima xavfu xatar, yor-yor.

Lomalif — loladek dog‘im ochar, yor-yor,
Ko‘zdagi qon yoshlarim ko‘kka sochar, yor-yor,
Ohim o‘ti dudidin barcha qochar yor-yor,
G‘uncha sifat ko‘nglumi vasli ochar, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, jon havasi, yor-yor,
Sensiz o‘lub choklar tan qafasi, yor-yor.

Yo — yuborib nomalar jon qushidin, yor-yor,
Kelmadi so‘z la’lining xomushidin, yor-yor,
Ko‘ngluma (g‘am) yuzladi tush-tushidin, yor-yor,
Ezdi bu Mahjurkim, behushidin, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, g‘amza nazar, yor-yor,
Bodi sabo vasldin berdi xabar, yor-yor.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse