Jununim sho‘rishin ayb etmagil hijron balosidin...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Jununim sho‘rishin ayb etmagil hijron balosidin...
by Devoniy

Jununim sho‘rishin ayb etmagil hijron balosidin,
Jahon bir tiyra uydir dudi ohimning qarosidin,
Xabar so‘rmasmu hech dilbar ko‘rub o‘z mubtalosidin,
Fig‘onkim emin o‘lmasman dame davron jafosidin,
Sitam ko‘proq yetar erkon kishiga oshnosidin.

Necha muddatdurur zulming chekarman, ey pari ruxsor,
Sitam tig‘i bila ko‘nglum sarosar aylading afkor,
Firoqing dardidin o‘lmishdururman o‘lgudek bemor,
Eshit dodimni lutf aylab tag‘oful qilmag‘il zinhor,
Hazar qil, ey sitamgar, emdi bu qaddim dutosidin.

Hazinu notavoningman, maiikim muncha zor etma,
Etush kulbam sori, ey nozanin, ko‘p intizor etma,
Raqibi muddaiylar so‘zlarini e’tibor etma,
Tarahhum zohir et, devonai ko‘yingman, or etma,
Munosibdur shahi oliy xabar tutsa gadosidin.

Vafo rasmin tutub hajringdin ozod etmading hargiz,
Firoqim ichra bormusan debon yod etmading hargiz,
Buzuq kulbam visoling birla obod etmading hargiz,
Sanga tahsin! Xarob holim ko‘rub shod etmading hargiz,
Xarob o‘lg‘usidur olam kecha ohim sadosidin.

Eshit arzim karamdin, ey parilar sarvari, oxir,
To‘kar qonim mani kirpiklaringning xanjari oxir,
G‘uluv qildi vujudim shahrig‘a g‘am lashkari oxir,
Nigohi iltifotingdin yetur maqsad sari oxir,
Halok o‘lmoqlig‘im tahqiq erur qoshingni yosidin.

Xayoli qomating sabru qarorimni olur, lekin,
Damodam jon qushi ko‘yung sorig‘a uyrulur, lekin,
Firoq ichra g‘arib holim bori olam bilur lekin,
Agar sharhin qilur bo‘lsam tilim ojiz kelur, lekin,
Ko‘ngulni ming kitobi bordurur g‘am mojarosidin.

Balo dashti aro bo‘ldum asiri dardu g‘am, kelgil,
Hazin holimg‘a tark aylab dame zulmu sitam, kelgil.
Xiromingdin qilib zohir base lutfu karam, kelgil,
Bu tun kulbam aro, ey nozanini muhtasham, kelgil,
Etarsan matlabingg‘a ushbu mahzuning duosidin.

Manga ta’yin ekan go‘yo azalning daftari birla,
Ki bu yonmoqlig‘im parvonadek shavq axgari birla,
Ko‘ngulni pora aylab ranju mehnat xanjari birla,
Uluk yanglig‘ yiqildim shomi hijron sarsari birla,
Etur quvvat quyoshi vaslingni bodi sabosidin.

Jahon to‘fon o‘lubdur yig‘lamoqdin ashkboringg‘a,
Tarahhum aylabon furqat aro afg‘onu zoringg‘a,
Ajab ermas quyosh yanglig‘ yetushsa shomi toringg‘a,
Buzuq holingni, Devoniy, raqam to ayla yoringg‘a,
Jafosini esa tortib umid etgil vafosidin.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse