Fuzuliy g‘azaliga muxammas (Roqim, I)

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Fuzuliy g‘azaliga muxammas
by Roqim
333211Fuzuliy g‘azaliga muxammasRoqim

Habbazo, ul vaqtkim ko‘nglum base masrur edi,
Masnadi izzat uza ul nav’kim fag‘fur edi,
Baxtu iqbolu saodat amrima ma’mur edi,
Ey xush ul kunlarki, ruxsoring menga manzur edi,
Chashmi ummidim charog‘i vasldin purnur edi.

Charx har dam hashmatu johu jalolimni ko‘rub,
Oyu xurshidi bilan tun-kun boshimdin evrulub,
Harna ko‘nglum orzu qilsa ravon tayyor o‘lub,
Qurb shavqi, ofiyatbaxshi tani bemor o‘lub,
Vasl zavqi, rohatafzoyi dili mahjur edi.

Shavqu zavqu sidqidil birla degach na’ti rasul,
Ko‘ngluma fayzu futuh aylab edi behad nuzul,
Odam erdim, qurbi dargohida .bo‘lmishdim qabul,
Rashkdin iblisi mardud o‘lgudek erdi malul,
Manzilim jannat, mayim kavsar, anisim hur edi.

Kecha-kunduz bog‘ sahnida yerim gulzor o‘lub,
Shodkom erdim, nazargohim jamoli yor o‘lub,
Nozaninlar sog‘ari ishratni paydarpay sunub,
Domani iqbolima gardi taarruz qo‘nmayub,
Chashmi hosid chehrai jam’iyatimdin dur edi.

Lutfi haqdin bo‘lmish erdim ul sifat olijanob,
Komronu kombinu kombaxshu komyob,
Xokro‘bi ostonim erdi tun-kun shayxu shob,
Har duo qilsam, tavaqqufsiz o‘lurdi mustajob,
Har tamanno aylasam, ehmolsiz maqdur edi.

Xo‘bro‘lardin yetib mehru muhabbat ko‘ngluma,
Yovumas erdi g‘amu anduhu kulfat ko‘ngluma,
Vasl nuzhatgohida bor erdi ishrat ko‘ngluma,
Hajr bilmazdim, yeturmazdim kudurat ko‘ngluma,
Garchi davronning muxolif kezdugi mashhur edi.

Ohkim, Roqimni yetkurmay sevar jonona charx,
Qildi yuz dardu g‘amu mehnat bila hamxona charx,
Odatidur javru zulm etmak bori insona charx,
No‘la gar solsa Fuzuliyni g‘ami hijrona charx,
Vasl ayyomida ul g‘ofil, inon, mag‘rur edi.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse