Chaman zebolari, ey sarv, raftoringdin aylansun...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Chaman zebolari, ey sarv, raftoringdin aylansun...
by Hakima

Chaman zebolari, ey sarv, raftoringdin aylansun,
Tamomi xushsuxanlar tab’i shahvoringdin aylansun,
Eshitsa mast o‘lur har banda guftoringdin aylansun,
Falotunlar qolur lol, aqli hushyoringdin aylansun,
Ko‘rolmay bag‘ri dog‘ har lola ruxsoringdin aylansun.

Qizil gulkim aning hajrida yuz ming bulbuli shaydo,
Qilur har subhi damda tinmayin faryodu vovaylo,
Guli savsan, guli nasrin, guli shabyuz, guli ra’no,
Guli qah-qah, guli rayhonki, bir gul qolmasun aslo,
Guliston gullari, ey toza gul, xoringdin aylansun.

Zamone justujo‘yingda tinib o‘lturmadim hargiz,
Bosib muhri xamushi tilga, hech dam urmadim hargiz,
So‘rog‘ing rashk etib, ag‘yorlardin so‘rmadim hargiz,
Seningdek gavhari qimmatbahoni ko‘rmadim hargiz,
Aqiqu la’lu marjon gavhari boringdin aylansun.

Hakimaning ko‘rar ko‘zi, jahon ichra salomat bo‘l,
Duo aylay, gulum, doim, hamisha bofazilat bo‘l,
Baland iqbolu rohatlik, ilohi bosaodat bo‘l,
Deyin behad sanolar, to abad koni sharofat bo‘l,
Saxovatlik, muruvvatlik bu kirdoringdin aylansun!

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse